Tabiiy fanlarni o‘qitishda innovatsiya:muammo va yechim

Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz.

Sh.M.Mirziyoyev

Yoshlarimizning taqdiri butun mamlakat uchun ahamiyatli bo‘lgan davrda ularning bilimi, salohiyati, fikrlashi, dunyoqarashini yuksak bo‘lib shakllanishida poydevor bo‘luvchi maskan maktabdir. Maktabda faoliyat ko‘rsatuvchi pedagog xodimlar esa yosh avlodni barkamol bo‘lib shakllanishida mas’ul insonlardir. Yurtboshimiz o‘zlarining ma’ruzalarida: “Innovatsiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat ,rivojlanish bo‘lmaydi”, -deb ta’kidlaganlar. Shu bois maktablar infratuzilmasini zamon talablariga muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ta’lim sohasi xodimlari moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirilmoqda. Berilgan e’tibor zamirida yoshlarning ta’lim-tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish yotgani barchamizga kunday ravshandir. Bugungi davr talabi zamonamiz o‘qituvchisining har tomonlama intellektual salohiyatga ega bo‘lishidir. Buning uchun esa o‘qituvchi o‘z fanini chuqur bilishi, interfaol metodlardan xabardor, AKT lardan unumli foydalanish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Shundagina ular ta’lim-tarbiya bergan o‘quvchilar har tomonlama yuksak tafakkurli bo‘lib shakllanishi, tabiiy.


12-DIUM Navoiy shahri maktablari orasida o‘zining nufuzi, pedagog xodimlarining salohiyati bilan shuhrat topgan o‘quv maskanlaridan biri hisoblanadi. Maktabda joriy yilning 29-noyabrida “Tabiiy fanlarni o‘qitishda innovatsiya:muammo va yechim” mavzusida viloyat miqyosida o‘quv-uslubiy seminar o‘tkazildi. Seminarga viloyatning barcha shahar, tumanlaridagi maktablarning tabiiy fanlar o‘qituvchilari, direktorlari, XTB metodistlari tashrif buyurishdi. Payshanba kuni maktabda rus tilida so‘zlashuv kuni bo‘lgani uchun bayramona uslubda bezatilgan nurli dargohimizda mehmonlarni rus tilida tayyorlangan ajoyib chiqishlar bilan kutub olindi. Mehmonlar ko‘tarinki kayfiyat bilan kimyo, fizika, biologiya fanlaridan tashkil qilingan ochiq darslarni tahlil qilishdi.


Kimyo fanidan yosh o‘qituvchi Jahongir Sharopov 7-“I” sinfida “Kislorodning fizik va kimyoviy xossalari”mavzusida o‘tgan darsida noan’anaviy tarzda o‘quvchilarda psixologik muhitni yaratish uchun rivoyat bilan boshladi. Bu o‘quvchilarda ishonch, qat’iyatlilik tuyg‘usi shakllanishiga yordam beradi. O‘qituvchi dars jarayonini shunday tashkil qilganki, dars davomida qo‘llangan “Jonli jadval”, “Kimyoviy loto”, “So‘z zanjiri”, “Kimyoviy atamalar lug‘ati” kabi interfaol metodlar o‘quvchilarning mavzuni o‘zlashtirishida har bir o‘quvchining darsda faol ishtirokini ta’minlab berdi. O‘quvchilar kimyoviy elementlardan rus va ingliz tilidagi so‘zlarni hosil qilishlari chet tillardagi so‘z boyligini oshirildi. O‘quvchilarga individual yondashildi, qiziqarli tajribalarni ko‘rsatishda, fanga oid ma’lumotlarni olishda internet saytlaridan unumli foydalanildi. Shuningdek, mavzuga oid karikatura va videoroliklarni ko‘rib o‘quvchilar bilim, ko‘nikma, malakalari mustahkamlandi. Hayotiy misollar bilan o‘quvchilar ongida kimyoviy jarayonlar yaqqol namoyon bo‘ldi.


O‘qituvchi zamon bilan hamnafas, AKTlardan o‘z fani uchun kerakli manbalarni olib, murakkab fan bo‘lishiga qaramay, o‘quvchilarni har doim kimyo faniga qiziqtirib keladi. Ta’limda ana shunday shijoatli mutaxassislar bo‘lishi bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri. O‘qituvchining dars o‘tish jarayonini kuzatgan seminar qatnshchilari iliq fikrlarni bildirishdi.


Yosh mutaxassis bo‘lishiga qaramay kimyo fani o‘qituvchisi Marhabo Amonova ustozlari N.Bozorova, D.Axmedovalardan o‘rgangan metodlaridan foydalanib o‘quvchilarni kimyo faniga qiziqtira olgan. Seminarda o‘qituvchi 7-“B” sinfida kimyo fanidan “Kislorod” mavzusida ochiq dars tashkil qildi. O‘qituvchi dars jarayonida o‘tilgan mavzuni mustahkamlashda hamda yangi mavzuni tushuntirishda “Juftini top”, “Mosini yoz”, “Kemada sayohat” kabi interfaol metodlardan unumli foydalandi. O‘qituvchi innovatsion usullar bilan mavzu yuzasidan o‘quvchilarda BKMlarni hosil bo‘lishi uchun har bir o‘quvchini darsda ishtiroki ta’minladi, nutqi, fikrlashi, dunyoqarashini rivojlantirildi. O‘quvchilarga xavfsizlik qoidalariga rioya etilgan holda laboratoriya mashg‘ulotlari tashkil etildi. Dars davomida o‘quvchilarning qiziqishi, mavzu yuzasidan tushunchalarni ravon, tushunarli holda bayon etishlari, hayotiy misollar bilan izohlashlari mavzuni yaxshi o‘zlashtirganlaridan dalolat berdi. Dars jarayonini kuzatgan mehmon ustozlar o‘z fikr–mulohazalarini bayon etishdi.


Fizika fani ham tabiiy fanlardan biri bo‘lib, maktabda fanning o‘qitilishida fan o‘qituvchilari turli xil innovatsion metodlardan unumli foydalanib kelmoqdalar. Fizika fanidan bir necha yillik boy tajribaga ega bo‘lgan o‘qituvchi Manzura Mamadova shogirdlari Lobar Nurimova va Abduvosit Amonovlar bilan “Ustoz-shogird” an’anasi asosida faoliyat olib borishadi. Ish faoliyatiga hali ko‘p bo‘lmagan ikkala shogird ham fizika fanini o‘qitishda innovatsion g’oyalarga boy metodlardan foydalanmoqda.


Amonov Abduvosit 8-“I”sinf o‘quvchilariga “Elektr qarshilik. Solishtirma qarshilik” mavzusida ochiq dars tashkil qildi. Darsning tashkiliy qismida o‘qituvchi internet tarmog‘idan fizika faniga oid yangiliklarni namoyish etdi. Hayotiy misollar, kundalik turmushdagi fizik hodisalar videorolik shaklda ko‘rsatildi. O‘quvchilarda darsning dastlabki bosqichidayoq qiziqish ortdi.O‘qituvchi dars o‘tish jarayonida “O‘lchov asboblarini bilasizmi?” metodi orqali o‘quvchilarga laboratoriya jihozlarining vazifasi, nomi hamda qo‘llanishi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldilar.


O‘quvchilar bilimi, dunyoqarashi, xotirasini kengaytish maqsadida “Ekspress test” metodidan foydalanildi. Mavzulardan olingan BKM lar mustahkamlandi.
O‘qituvchi yangi mavzu bayonida qo‘llagan “Annimatsiya va stimulatsiya”, “Karikatura suratlar”, “So‘z zanjiri” kabi qiziqarli lavhalar o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishlarini orttirishga yordam berdi. Dars jarayonida qilingan qiziqarli tajribalar yangi tushunchalarni darsning o‘zidayoq qo‘llab, ularda kompetentlik, ya’ni olingan bilimlarni amalda qo‘llay olish ko‘nikmasi shakllantirildi.
“Mozaika” usulida esa dars davomida o‘quvchilar olgan bilimlar mustahkamlanib mantiqiy fikrlashlari rivojlantirildi.
Dars davomida o‘qituvchi qo‘llagan innovatsion metodlarning barchasi o‘quvchilarning fizika fanini mukammal o‘zlashtirishga qaratilgan.


Tabiiy fanlar ichida biologiya fanining ham o‘z o‘rni bor. Ta’limdagi islohotlar pedagog xodimlarni izlanuvchanlik, intiluvchanlikka intilish tuyg‘usini orttirdi. Jumladan, biologiya fani o‘qituvchisi Alisher Toshniyozov ham ustozi Dilbar Hojiyeva bilan “Ustoz-shogird” an’anasini mukammal tarzda olib bormoqda. Olgan tajribalarini boyitib yanada izlanib dars jarayonlarini tashkil qilmoqda. O‘qituvchi 9-“A”sinf o‘quvchilariga “Tirik organizmlarning kimyoviy tarkibi” mavzusida ochiq dars tashkil etdi.Dars davomida o‘quvchilar fanning mazmun-mohiyatini, o‘tilgan mavzu yuzasidan BKMlar mustahkamlandi. Dars jarayonida mavzuga hamda fanga mos “Yashil quti” metodidan foydalanildi. Bunda o‘quvchilar atamalar nomi va ta’rifini eslab, to‘g‘ri topib, guruhlarga bo‘linib yashil qutiga yig‘ishdi. Har bir o‘quvchi o‘zini-o‘zi baholab ball yig‘ib bordi. Guruh sardorlari jamlab javoblarni ekspert guruhi bilan tekshirib javoblarni aniqlashdi.
Dars jarayonida o‘qituvchi mavzuni tushuntirishda “Qiyoslash” innovatsion metodidan foydalanib atamalar ta’rifini izohlashdi. O‘quvchilar dars davomida tirik organizmlarning kimyoviy tarkibi haqida mukammal tushunchaga ega bo‘lishdi.


Kunning ikkinchi yarmida maktab faollar zalida fizika fani o‘qituvchisi Lobar Nurimova “Fizika fanini o‘qitishning zamonaviy talqini” mavzusida tayyorlagan metodik tavsiyasining taqdimotini o‘tkazdi. Ushbu o‘quv-metodik tavsiya umumiy o‘rta ta’lim maktablari fizika fani o‘qituvchilari uchun yaratilgan bo‘lib, o‘quvchilarni fizika faniga qiziqishini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.Fizika fanini o‘qitishda innovatsion yondashuv asosida tayyorlangan metodik qo‘llanma dars jarayonini tashkil etishda qiziqarli manba hisoblanadi.
Annimatsiya va stimulatsiya;
Qiziqarli videolavhalar;
Fanning yangiliklaridan xabardor qilish;
Yosh mutaxassisning metodik tavsiyasida o‘quvchilar ongi, ularning yoshi, bilimi, dunyoqarashi hisobga olingan holda formulalarni yodda saqlash uchun “Domino” metodi va karikatura suratlardan foydalanish laboratoriya mashg‘ulotlarida virtual laboratoriya hamda “Keys-stadi” usulidan foydalanish tavsiya etildi.


Atamalarni yod oldirishda ingliz tili, rus tili fani bilan bog‘liqligi amalga oshirilgan “So‘z zanjiri” usuli orqali o‘quvchilar ham fizik atamalarni rus, ingliz tilida aytib so‘z boyligini oshiradi.
Annimatsiya orqali mavzuga va o‘quvchining yoshiga mos multfilmlar namoyishi mavzu yuzasidan BKM lar mustahkamlanishiga yordam beradi. Masalan, Nyutonnig boshiga olma tushib ketish tasviri mavjud multfilm….
Qiziqarli videolavhalar orqali fanlararo bog‘liqlik hamda fizik jarayonlarni hayot bilan bog‘lash kompetensiyasini hosil qilishga ko‘maklashadi. Taqdimot davomida qatnashchilar har bir qiziqarli tajriba, laboratoriya mashg‘ulotlari namoyishini slayd orqali ko‘rishdi. Ijtimoiy tarmoqlardan olingan fizikaga oid qonunlar,tajribalar tasviri hammani diqqatini jalb qildi.


Kimyo fani o‘qituvchisi J.Sharopov “Kimyo fanini o‘qitishda yuzaga keladigan muammolar va ularning yechimlari” mavzusida tayyorlagan metodik qo‘llanmasining taqdimotini o‘tkazdi. Qo‘llanmada kimyo faniga oid yangicha yondashuv aks etgan.
Bunda kimyo fanini o‘rganishni boshlang‘ich bosqichida turgan A1 va A+1, ya’ni o‘quvchilarga o‘tiladigan mavzuni tushuntirishda yangi bilim, ko‘nikma va malakalarni hosil qilishda birinchi navbatda elementlar odam qiyofasida tasvirlangan karikaturalardan foydalanish o‘quvchilarning tasavvurini boyitadi,qiziqishini oshiradi, bilimlarini mustahkamlaydi.
Kimyoviy moddalar kartatekalar orqali tushuntirilsa o‘quvchilarda o‘sha modda kimyoviy tarkibi, struktura formulasini o‘rganish osonroq o‘zlashtiriladi.
Elementlarni yod olishda ingliz tili fani bilan bog‘liqlikni amalga oshirilgan “So‘z zanjiri” usuli orqali o‘quvchilar bilan inglizcha so‘zlarni hamda kimyoviy element nomini esda saqlab qolishga erishiladi. Kommunikativ kompetensiya amalga oshiriladi.


Qiziqarli kimyoviy tajribalar va o‘quvchi o‘zi bajarishi mumkin bo‘lgan maxsus moddalar talab etmaydigan, turmushda qo‘llaniladigan moddalar orqali tajribalar otkazish o‘quvchilarda fanga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytiriradi va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.Dars davomida o‘quvchilarning o‘zida bo‘lgan ishonch, qat’iylik tuyg‘usini shakllantirishda rivoyatlardan unumli foydalanish ham fandagi innovatsiyalardan biridir. O‘qituvchi 7-sinf o‘quvchilari uchun 50tadan ortiq rivoyat borligini ta’kidlab o‘tdi.
Taqdimotdagi asosiy jihatlarlardan biri kimyo darsligida masalalar yechimlaridan namuna berilmagani hamda qiziqarli tajribalar miqdori kamligi. O‘qituvchi qo‘llanmada masalalar yechimlari keltirganini aytib o‘tdi.
Ushbu loyihaning amaliy ahamiyati ta`lim sifatini oshirishda hamda dars jarayonini mazmunli o‘tkazishda, o‘quvchilarning diqqatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
O‘quvchilarning ma`naviyatini, bilimini, tafakkurini yorqin taassurotlar, qiziqarli tajribalar orqali shakllantirish hozirgi zamon o‘qituvchisi oldida turgan muhim vazifalardan biri sanaladi.


Seminar ishtirokchilarining yalpi yig‘ilishida ochiq darslar, metodik tavsiya, qo‘llanmalar haqida fikr-mulohazalar olib borildi. Qatnashchilar olgan taassurotlarini bayon qilishdi, dars o‘tgan o‘qituvchilarga qiziqtirgan savollarini berishdi, o‘z takliflarini bildirishdi. Navoiy viloyat XTB vakillari, NDPI o‘qituvchilari, NVPXQTMOI o‘qituvchilar, tumanlardan kelgan qatnashchilar samimiy fikrlarini izhor etishdi.
Maktabda o‘tkazilgan o‘quv-uslubiy seminar barchaga ko‘tarinkilik baxsh etdi. Chunki vaqtini ayamay kelgan mehmonlar olam-olam taassurotlar bilan ketishdi.
Biz ham maktabimizning yosh, ustozlarning o‘gitlarini olib tobora yuksaklikka intilayotgan yoshlarga parvoz tilaymiz. Ularning ishlari viloyat miqyosida ommalashishga tavsiya etildi. Barkamol avlodni tabiiy fanlarni chuqur biladigan salohiyatli qilib tarbiyalashdek muqaddas ishingizda hamisha omadlar tilaymiz.
Izlanishlaringiz bardavom bo‘lsin, aziz hamkasblar!

Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi: D. Ergasheva