Maktab ma'muriyati     +998 (436) 224-02-01

Tavsiyalar

MAVZU: KOMIL INSON TARBIYASIDA

 pedagogik jamoa va ota-onalar hamkorligi

Umumiy o‘rta ta`lim kundan-kunga takomillashib, zamon talablariga mos holda, shaxs ehtiyojidan kelib chiqib faoliyat ko‘rsatishi taqozo etmoqda. Umumiy o‘rta ta`lim muassasalari faoliyatida sifat jihatidan o‘zgarishlarga imkon beruvchi pedagogik boshqaruv yangiliklari yuzaga kelmoqda. Bularning hammasi umumiy o‘rta ta`limni boshqarishda murakkabliklarni keltirib chiqarib, ilmiy asoslangan yangi echimlarni topishni zaruriyat qilib qo‘ymoqda.

O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishishi, “Ta`lim to‘g‘risida” gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlar ning, Maktab ta`limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini qabul qilinishi boshqa yo‘nalishlar qatori umumiy o‘rta ta`lim muassasa larida ta`lim sifatini boshqarish yo‘nalishida ham ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirishni, ma`lum bir tizimga solishni taqozo etmoqda.

Mazkur maktabga direktor etib tayinlanishim bilan dastlab shahar maktablari orasida reyting ko‘rsatkichlarining past bo‘lish sabablari, ta`lim-tarbiya jarayoniga ta`sir etgan salbiy omillar tahlil etildi hamda “Maktabda ta`lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, ta`lim sifatini ko‘tarish, uning mazmunini yaxshilash”ga qaratilgan kengaytirilgan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Maktab pedagogik jamoasiga tayanib, maktab ma`muriyati ishini qayta ko‘rib chiqib, yuqorida qayd etilgan tadbirlar rejasini izchil amalga oshirib borib ikki yilda maktab jamoasi bir qator muvaffaqiyatlarga erishdi. Muvaffaqiyatlarning eng quvonarlisi 2013 yilning 15 avgustida Navoiy viloyat hokimining Q-125-sonli qaroriga asosan maktab davlat ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktabi maqomini olganidir.

Maktab jamoamizning bunday muvaffaqiyatga erishishida xizmat qilgan eng asosiy ijobiy omillar quyidagilar:

  • Birinchidan: maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan o‘tkazilgan individual va guruhli suhbatlar, savol-javoblar, yig‘ilishlar; natijada ixtisoslashtirilgan ta`limni tadbiq etish ayrim fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishni tashkil etish oldidan o‘quvchi va ota-ona ehtiyojiga ko‘ra xo‘jalik hisobidagi qo‘shimcha mashg‘ulotlar guruhlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi, dastlab 3 ta guruh ochilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu guruhlar soni 21 taga etdi.
  • Ikkinchidan: jamoada sog‘lom muhitni yaratish maqsadida ijodiy raqobat shakllantirildi, kadrlar salohiyati oshib bordi, ya`ni tajribali o‘qituvchilar ishga taklif etildi, mehnat qilgan o‘qituvchilar ishi rahbariyat e`tiborida bo‘ldi, moddiy-ma`naviy rag‘batlantirildi;
  • Uchinchidan: maktabning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, kutubxona jamg‘armasi 2000dan ortiq badiiy adabiyotlar bilan boyitildi, 2 ta komplekt komp`yuter sinf xonasi, 5 ta individual komp`ter, 17 ta televizor va 17 ta DVD, 4 ta videoproektor, 3 ta markerli doska, sinf xonalari va zallarining yo‘nalish asosida qayta jihozlanishi va bezatilishi;
  • To‘rtinchidan: Xalq ta`limi vazirligining “Dars muqaddas”, “O‘rgan-o‘rgat ”, “Murakkab fan o‘rganamiz” kabi tadbirlar tavsiyalari asosida ta`lim bilan tarbiya jarayonining uzviy tashkil etilishi, “Mening maktabim-mening faxrim” shiori ostida “Quvonch maktabi”ga aylantirilishi, bunda har bir o‘quvchi tug‘ilgan kunining maktab ma`muriyati tomnidan esdalik rangli esdalik sovg‘asi bilan nishonlanishi, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra boshlang‘ich sinflar uchun “Oltin toj”, 5-7 –sinflar uchun “O‘yla! Izla! Top!”, 8-9-sinflar uchun “Zakovat” intellektual klublarning tashkil etilishi, muntazam ravishda “eng faol o‘quvchi” va “eng faol sinf” nominatsiyalarning berilishi hamda har hafta dushanba kunlari “Saflanish” tadbirlarida rag‘batlantirilishi.
  • Beshinchidan: Maktabda “Iqtidor” va “Iste`dod” stipendiya larining ta`sis etilishi, oldingi yillarda “Bilimlar bellashuvi”ning shahar bosqichida g‘olib o‘quvchi bo‘lmagan bo‘lsa, 2013-2014 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra shahar maktablari o‘rtasida jamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni va 6 nafar o‘quvchining viloyat bosqichida 2-o‘rinni egallashi, iste`dodli o‘quvchi e`zoza Umrzoqova “Kamalak yulduzlari” bolalar ijidiyoti festivalining she`riyat yo‘nalishida shahar, viloyat va respublika bosqichi g‘olibi bo‘lishi.
  • Oltinchidan: maktabning muammoli mavzusi “O‘quvchilar ongiga ekologik madaniyatni fanlar tarkibida singdirish” bo‘lganligini hisobga olib, maktabda tirik gullar ko‘paytirildi, jonli burchak tashkil etildi, sinf rahbarlar tashabbusi bilan “Har farzandga bir daraxt” akciyasi o‘tkazilib, 1500ga yaqin mevali va manzarali daraxtlar ekildi, “Nihol”, “Kamolotchilar”, “Sardorlar”, “Bitiruvchilar” kabi bog‘lar barpo etildi, yuqori sinflarga maxsus er joylari belgilab berildi, maktab atrofini ko‘kalamzor lashtirish va obodonlashtirish ishlari tizimga tushurildi;
  •  Pirovard natijada 2011 yil bilan solishtirilganda maktab o‘quvchilari kontingenti 410 nafarga ortdi.

Ta`kidlash joizki, maktab pedagogik jamoasi o‘quvchilarga sifatli ta`lim berish bilan bir qatorda keng qamrovli ommaviy tadbirlarni ham doimiy ravishda o‘tkazib kelmoqda. Navoiy shahar 12-umumiy o‘rta ta`lim maktabining 25 yillik tantanasi, bunda maktab tarixining yaratilishi, dastlabki qabul qilingan o‘quvchi va o‘qituvchilar banki shakllantirilishi, maktabning “Faxriy kitobi” hamda maktab hayotiga oid lavhalar bo‘yicha 12 ta al`bomlar tashkil etilishi, maktabning Davlat ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktabi maqomini olishi munosabati bilan “ MENING MAKTABIM – MENING FAXRIM” mavzusida TAQDIMOT marosimi o‘tkazilishi, an`anaga aylangan “Sohibqiron vorislarimiz” bolalar ijodiyoti festivali hamda o‘quv yili yakunlari bilan ota-onalar uchun “Yutuqlarim Sizga armug‘on” taqdimot marosimlari, maktabning ota-onalari, nafaqadagi va hozirgi kundagi o‘qituvchilari ishtirokida “Maktabimiz kecha, bugun va ertaga….” mavzusida bahs-munozara hamda o‘quvchilar o‘rtasida insholar tanlovi o‘tkazilishi natijasida quyidagi “Kelajak maktabi” loyihasi ishlab chiqildi.

 

Loyihaning maqsadi:

  • O‘quvchilarga ta`limning davlat boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasi va dasturlari asosida fan asoslaridan bilimlarning zarur hajmini berish;
  • Ixtisoslashtirilgan sinflarda chuqurlashtirilgan fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning davlat ta`lim standartlari talablaridan oshadigan (kamida 10 % ga) chuqur ta`lim tayyorgarligini ta`minlash;
  • Maktab jamoasi o‘quvchilarning ota-onalari bilan hamkorlikda iqtidorli va iste`dodli o‘quvchilar qobiliyatlarini yanada rivojlantirish orqali komil inson tarbiyasini amalga oshirish;
  • erkin va mustaqil fikrlovchi, ijtimoiy-siyosiy hayotda ongli hamda faol ishtirok etishga qodir komil shaxsni shakllantirish

 

Loyihaning vazifalari:

  •  Maktab o‘qituvchilariga puxta bilim va ko‘nikmalar berishda yangi pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘quv jarayonini tashkil etish;
  • Har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
  •  Bola huquqlarini ta`minlash, uning qadr-qimmatini e`zozlash, bolaga do‘stona munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish;
  •  Iste`dodli va iqtidorli o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va namoyon qilish uchun fan olimpiadalri, “Bilimlar bellashuvi”, konferenciyalar, festivallar, turli intellektual-ijodiy tanlov va tadbirlarda ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish;
  • O‘quvchilar va ularning ota-onalari istaklariga ko‘ra qo‘shimcha bilim olishlari uchun darsdan tashqari xo‘jalik hisobidagi qo‘shimcha mashg‘ulotlarni jarayonini takomillashtirish;
  • Badiiy asarlar mutolaasini va asar yuzasidan baxs-munozaralarni tashkil etish;

 

  •  Tabiiy fanlarni o‘qitishda vertual laboratoriyadan hamda komp`yuter sinf xonasidan foydalangan holda darslarni o‘tilishini ta`minlash;
  •  Kelajakda o‘quvchilarni komil inson darajasiga etkazish maqsadida Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha maktab o‘quvchilariga qo‘yilgan yagona talablar asosida jarayonni tizimli ravishda amalga oshirish

 

Loyihani amalga oshirish yo‘llari va usullari:

  •  Fan oyliklarini o‘tkazish jarayonida, “Mahorat maktabi” tarkibida hamda o‘quv yili davomida oyida chorakda bir marta yangi pedagogik va axborot texnologiyalaridan foylangan holda o‘tiladigan alohida o‘qituvchilar va ota-onalar uchun “Ochiq va hisobot darslar festival”larini tashkil etish orqali;
  •  Maktabning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosat yig‘ilishi bayoniga ko‘ra “Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi boshqaruv idoralari, ta`lim muassasalari rahbarlari va xodimlarining axborot-kommunikaciya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha malakasini oshirish yuzasidan o‘quv kurslari o‘tkaziladigan viloyat miqyosida tayanch maktabi” deb belgilanishi munosabati bilan informatika darslaridan tashqari bo‘sh vaqtda 1- va 2- komp`yuter xonalarida boshqa fanlardan darslarni o‘tish jadvali asosida tizimli ravishda o‘tilishini ta`minlash, o‘tilgan darslarni qayd etish daftarini yuritish va oyma-oy monitoringini olib borish;
  •  Xalq ta`limi tizimidagi innovaciyalar, dars jarayonida qo‘llanilayotgan turli usul va uslublar, pedagogik texnologiya va interaktiv ta`lim mavzularida vaqti-vaqti bilan ta`til kunlarida maqsadli o‘quvlar tashkil etish;
  • Maktabda uzluksiz metodik xizmatni tashkil etishda har bir ijodkor, izlanuvchan, bilimdon o‘qituvchilarning tajribasini ommaga yoyish, rag‘batlantirish choralarini ko‘rish, metodbirlashma yig‘ilishlarida ijodiy hisobotlarini tinglab borish
  • Maktabda tashkil etilayotgan ta`lim-tarbiya jarayoni bola huquqlarini ta`minlash, har bir o‘quvchining fikrini oxiriga qadar tinglash, bolaga mustaqil fikrini bayon etish ko‘nikmalarini shakllantirish, bolaga do‘stona munosabatda bo‘lish muhitini yaratish;
  • Darsdan tashqari vaqtlarida ixtisoslashtirilgan o‘quv fanlari bo‘yicha ota-onalarning arizasiga asosan maktab direktori va ota-ona o‘rtasida shartnoma tuziladi, buyruq bilan o‘quvchi qo‘shimcha mashg‘ulotlar guruhiga qabul qilinadi, kamida 3 ta yoki 4 ta o‘quv fani uchun eng kam ish haqining 25 % miqdoridagi to‘lov amalga oshiriladi. Haftalik o‘quv soatiga nisbatan 2 oktyabrdan 1 mayga qadar muddatda taqvimiy-mavzuiiy reja tuziladi va ixtisoslashtirilgan ta`lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari va metodbirlashma rahbari imzosidan so‘ng direktor tasdig‘iga kiritiladi. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar jadvali ixtisoslashtirilgan ta`lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan tuziladi va direktor tasdig‘iga kiritiladi Qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun o‘qituvchilarga alohida tarifikaciya ro‘yxati shakllantiriladi, har oyida berilgan qo‘shimcha mashg‘ulotlar ish tabeli asosida to‘lov o‘tgan darslarining o‘quv soati miqdorida to‘lanadi, barcha ajratma va turli to‘lovlar ushlanadi. Tejalgan mablag‘ evaziga maktab moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi yoki kommmunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklar qoplanadi;
  • Iqtidorli bolalar aniqlanib, ularning elektron bazasi yaratildi, iqtidor qirralarini rivojlantirish borasida ixtisoslashtirilgan matematika, fizika, ona tili, rus tili va ingliz tili yo‘nalishlarida sinflar tashkil etildi. Fanlar chuqur o‘qitilish bilan birga kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari izchil tizimga tushirildi. O‘quvchining xoxlagan o‘quv fani bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnashishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shu bilan bir qatorda boshlang‘ich sinflar uchun “Oltin toj”, 5-7-sinf o‘quvchilari uchun “ O‘yla! Izla! Top! ”, 8-9 sinf o‘quvchilari uchun “Zakovat ” intellektual klublar faoliyat ko‘rsatadi, haftaning belgilangan kunlarda oyida ikki marta;
  • Shu bilan bir qatorda iste`dodli o‘quvchilar saralanib, ularning ham elektron banki yaratildi, barcha tegishli ma`lumotlar hamda iste`dod qirralari birma-bir tahlil qilinib, o‘z qobiliyatlarini yanada rivojlantirishi uchun turli tanlov va ko‘riklar o‘tkazilgan. Har haftaning dushanba va shanba kunlari iste`dod qirralari rivojlantirish kunlari deb e`lon qilingan. Bu kunda “eng jozibali raqs”, “eng xushovoz qo‘shiqchi”, “eng mohir musiqa asbobi ijrochisi”, “Mohir qo‘llar” shuningdek, musavvirlik va she`riyat borasida bellashuv va tanlovlar uyushtiriladi. She`riyat shinavandalarining “Zulfiyaxonim qizlari” , “Nihol” klublari hamda shaxmat ishqivozlarining “Shaxmat klubi” doimiy ravishda faoliyat yuritadi. Shuningdek, jamoaviy tarzda katta ekranda kino namoyishi, muzeylarga sayohat, turli sport musobaqalarni uyushtirish shu kunlarda belgilangan.
  • “Kamolot” atrofida birlashaylik shiori ostida keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilib turiladi, ya`ni “Kamolot” YoIHning olti sohasi bo‘yicha turli tadbirlar “Tendosh-tengdoshga” akciyasi asosida o‘zaro fikr almashish, o‘qishlari va tadbirlarni uyushtirishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish, o‘z iste`dod qirralari namoiysh etishi maqsadida koncert dasturlari bilan bir-birlarining maktablariga tashrif buyurishadi. “Kamolot” YoIXning boshlang‘ich tashkilotining to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan – komp`yuter, printer, skaner, videoproektor, televizor, barcha kerakli nashrlar gazetasi va jurnallari, harakatli markerli yozuv taxtasi, 30 nafar o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan xona, stol, stul, shkaf.

 

  • Komil inson g‘oyasining mavjudligi va u bilan bog‘liq amaliyot jamiyat rivojlanish darajasini belgilaydigan mezon sifatida namoyon bo‘ladi. Zero, biz har qanday jamiyatni unda yashayotgan kishilarning hatti-harakatlariga qarab baholaymiz. Jamiyatning xarakteri, uning komil inson qilib tarbiyalash borasidagi imkoniyatlarida, unga bo‘lgan munosabatda namoyon bo‘ladi. Ya`ni erkinlik, mustaqillik komil inson g‘oyasini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoit yaratadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda komil insonni tarbiyalash uchun ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma`naviy, tashkiliy vazifalar davlat siyosatining eng muhim va ustivor yo‘nalishi etib belgilangan.Zero, barkamol avlod kelajagi uchun qayg‘urmagan xalq, millat va davlatning istiqboli bo‘lmaydi. Barkamol avlod tarbiyasida juda ko‘plab omillar zarur bo‘ladi, ulardan biri bu kitobdir. U xoh badiiy adibiyot, xoh darslik yoki she`riy asar, enciklopediya bo‘lsin, bari insonni ta`lim olishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Badiiy adabiyot mutolaa etishni yanada yaxshilash, o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini orttirish, ko‘proq mustaqil ravishda badiiy asar o‘qishga jalb etish maqsadida, o‘quv yilining boshlanishida boshlang‘ich sinflar uchun alohida, 5-7 sinflar uchun alohida va 8-9-sinflar uchun alohida badiiy asarlar belgilangan, oyning boshlanishida sinflarga badiiy asarlar e`lon qilinadi va oy davomida mutolaa etiladi. Oyning oxirgi haftasida o‘qilgan asar yuzasidan baxs-munozara o‘tkaziladi, mas`ul o‘qituvchi tomonidan tayyorlangan muammoli savollar va sahna ko‘rinishlari orqali o‘quvchilarning fikr-mulohazalari eshitiladi, test sinovlari orqali o‘qilgan asar yuzasidan bilimlari sinaladi, bu holat har oy davom etaveradi. Shu tariqa “eng yaxshi kitobxon” g‘olibi sinflar kesimida aniqlanadi. Maktab kutubxonasi badiiy adabiyotlar bilan doimiy tarzda boyitilib boriladi.

  • Maktabning 1-9-sinf o‘quvchilari orasida Navoiyxonlik tadbirlari ning muntazam ravishda o‘tkazish tizimini yaratish, buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy hayoti va uning ijodiy merosini o‘rganish natijasida komil inson tarbiyasi g‘oyasini ta`lim-tarbiya jarayoniga izchil tadbiq etish maqsadida maktab o‘quvchilariga A.Navoiy ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha qo‘yilgan yagona talablar ishlab chiqilgan. Bunga ko‘ra, har bir sinf kesimida talablardan kelib chiqqan holda ma`lumotlar banki yaratilgan va kitob shakliga keltirilgan, haftaning dushanba kungi 1-soat darsning 15 minuti axborotlar almashuviga, qolgan 30 minuti Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganishga ajratiladi. Mashg‘ulotlar barcha sinf rahbarlar tomoni dan tashkil etiladi. Har bir o‘quvchi yagona talablar bilan tanishtirilgan, daftarlar tashkil etilgan, har chorakda bir marotaba o‘zlashtirgan darajasini aniqlash maqsadida monitoring o‘tkaziladi. O‘quv yili davomida doimiy turadigan Alisher Navoiy burchagi, A.Navoiy ijodiy merosini o‘rganish yuzasidan qo‘yilgan yagona talablar bo‘yicha burchak tayyorlanib, prezidentimiz I.Karimovning “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asarida buyuk shoirga bergan ta`rifi chiqarilib, barcha o‘quvchi yoddan bilishi ta`minlangan. Shuningdek, maktabda 3 ta xona A.Navoiy ijodiga bag‘ishlab bezatilgan, ya`ni 1 ta o‘zbek tilida, 1 ta rus tilida, 1 ta ingliz tilida. Har oyda Navoiyxonlik tadbirlari o‘tkaziladi, chorakda bir marta 4-9-sinflar kesimida “Siz Navoiyni bilasiz-mi?” ko‘rik tanlovi o‘tkazilmoqda. O‘quv yili yakunida esa har bir sinfdan “Navoiy bilimdonlari” aniqlanadi. Ta`kidlash joizki, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati maktab boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan “Bir o‘quvchiga bir g‘azal” va “Navoiy asarlari yosh musavvirlar nigohida” akciyalari o‘tkaziladi. Maktab kutubxonasi Alisher Navoiyning 22 nomdagi badiiy asar lari, 10 tomli va 15 tomli mukammal asarlar to‘plami jami 58 ta kitob komplekti bilan ta`minlangan.
  • O‘quv yili oxirida to‘rt chorak jarayonida o‘tkazillgan “eng faol o‘quvchi” nominaciyasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, “Bilimlar bellashuvi” va turli ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblik diplomi yoki sertifikati bo‘lgan o‘quvchilar orasidan maktabning ishchi komissiyasi tomonidan “IQTIDOR” va “ISTE`DOD” stipendiyasi nomzodlaridan nominantlar aniqlanadi hamda maktab ma`muriyati va ota-onalar komitetining maxsus sovg‘alari topshiriladi.

 

  • O‘quv yili oxirida, ya`ni 1 iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab maktab o‘quvchi o‘qituvchilar jamoasining o‘quv yili davomida erishgan yutuqlari, mavjud muaommolar va ularning echimlariga bag‘ishlangan “Yutuqlarim Sizga armug‘on” mavzusida ota-onalar uchun taqdimot marosimi o‘tkaziladi. Unda yutuqlarga erishgan barcha o‘quvchi va o‘qituvchilar taqdimoti, eng yaxshi deb topilgan tadbirlar videoroliklari, iste`dodli o‘quvchilarning chiqishlari hamda o‘quv yili davomida farzandining ta`lim-tarbiya olishida ko‘maklashgan va maktabga homiylik yordami ko‘rsatgan ota-onalar rag‘batlantiriladi.

 

Loyihani amalga oshirish bosqichlari:

Mazkur loyiha 2 bosqichda amalga oshiriladi.

 

1-bosqich 2014-2015 o‘quv yilida

Tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi, ya`ni ko‘pgina materiallarning elektron bazasi yaratiladi, maktabning o‘quvchi va o‘qituvchilari loyiha maqsadi va vazifalari, amalga oshirish usullarni birma-bir sinovdan o‘tkazadi

 

2-bosqich 2015-2016 o‘quv yili va undan keyingi yillar

Mazkur o‘quv yilining oxirida o‘tkazilgan tahlillar, umuman o‘tkaziladigan monitoring natijalari qo‘yilgan maqsadga to‘laqonli erishganini yaqqol ko‘rsatadi.

 

Loyihadan kutilayotgan natija:

Mazkur loyiha belgilangan vazifalar va bosqichlari asosida amalga oshirilsa, pirovard natijada quyidagilarga erishiladi:

  •  O‘quvchilarning qo‘shimcha bilim olishiga intilishi o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashi, darslikdan tashqari ma`lumotlarga tayangan holda dars jarayonini tashkil etishi natijasida salohiyatini ko‘tariladi, tajribasi ortadi, axborot kommunikaciya texnologiyalaridan foydalanish mahorati oshadi;
  •  Bilimli, barkamol, madaniyatli shaxslar shakllantiriladi, ular oila, jamiyat, davlat oldidagi mas`uliyatni to‘la anglaydigan va egallaydigan bilimlarini hayotga tadbiq eta oladigan shaxs sifatida kamol toptiriladi;
  •  “ Barkamol avlodni tarbiyalashda oila, mahalla va ta`lim muassasalari hamkorligi koncepciyasi ”ni amalga oshirish mexanizmi jonlanadi, hamkorlik kuchayadi;
  •  Ahloqan pok, jismonan baquvvat, Vataniga sadoqatli, izlanuvchan fidoiy inson, o‘zining mustaqil fikriga ega, tashabbuskor sog‘lom avlod etkaziladi;
  •  Ta`limning uzviyligi va uzluksizligi asosida intensiv intellektual rivojlanishni, chuqurlashtirilgan ixtisoslashti rilgan o‘qitish ta`minlanadi;
  •  Asosiy va qo‘shimcha ta`lim dasturlarini ishlab chiqish va ular integraciyasini amalga oshirish, loyihadagi o‘qitishga o‘tgan holda ta`lim jarayonini individuallashtirish va tabaqalashtirish;
  •  Ta`lim oluvchilarni o‘rta-maxsus ta`lim muassasalari (akademik licey, kasb-hunar kollejlari)da o‘qishni ongli ravishda tanlab o‘qishlarini davom ettirish uchun tayyorlanadi;
  •  1-sinfga qabul qilingan iqtidorli bolalar jadallashtirilgan ta`limga jalb etilgan holda o‘quv yili oxirida o‘quvchilar belgilangan talabga nisbatan 25%ga nisbatan ortiqroq bilim, ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishadi;

 

  •  O‘quvchilarning o‘z ustida mustaqil ravishda ishlashi, qo‘shimcha mashg‘ulotlariga jalb etilishi natijasida o‘quvchilar bilim oshirishga erishiladi, ixtisoslashtirilgan sinflarda chuqurlashtirilgan fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning davlat ta`lim standartlari talablaridan kamida 10-15 %ga oshadigan chuqur ta`lim tayyorgarligi ta`minlanadi;
  •  Vertual laboratoriya va komp`yuter sinf xonasidan foydalanib darslar o‘tilgani sababli tabiiy fanlardan o‘quvchilar bilim darajasi ko‘tariladi;
  • Ota-onalar va o‘quvchilar ehtiyojidan kelib chiqqan holda xo‘jalik hisobidan mashg‘ulotlar tashkil etish natijasida maktabda byudjetdan tashqari topilgan mablag‘ miqdori oshadi, o‘z navbatida o‘qituvchi moddiy rag‘batlantiriladi, tushgan mablag‘lar hisobidan maktab moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib boradi;
  • Badiiy asarlar mutolaasi va asar yuzasidan baxs-munozaralarni tashkil etilishi o‘quvchining so‘z boyligini oshiradi, fikrlash doirasi va dunyoqarashi kengaytiradi, badiiy asarlardagi turli voqealardan chiqargan xulosalari mustaqil hayotga qadam qo‘yganda muammoli vaziyatlardan chiqishiga yordam beradi;
  • Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha maktab o‘quvchilariga qo‘yilgan yagona talablar asosida o‘tilgan dars mashg‘ulotlari, Navoiyxonlik tadbirlari, Navoiy bilimdonlari ko‘rik tanlovining tizimli ravishda o‘tkazilishi kelajakda o‘quvchilarni komil inson darajasiga etkazadi

Insonning Vatani o‘z oilasidan boshlanadi.

Prezidentimiz I.Karimov “Ongli yashaydigan har bir odam yaxshi anglaydiki, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, hayot abadiyligi, bebaho ne`mat bo‘lmish farzand bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha kelajakni o‘ylab, ezgu va intilishlar bilan yashaydi” – degandilar.

Zero, oila va farzand bor ekan, undagi tarbiya uzviyligini davom ettiruvchi muqaddas dargoh bo‘lmish maktab bo‘ladi.

Shunday ekan farzand tarbiyasidek nozik masalani doimo birinchi darajaga qo‘yib, har bir qiladigan ishimiz eng asosiy ob`ekt o‘quvchiga qaratilgan bo‘lsa-da, bunda ota-onaning ishtiroki da`vat etilib, tarbiya jarayonida birlashilsa, erkin va mustaqil fikrlovchi, ijtimoiy-siyosiy hayotda ongli hamda faol ishtirok etishga qodir komil shaxsni tarbiyalagan bo‘lamiz.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. I.Karimov, Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch. “Ma`naviyat”, 2008
  2. O‘zbekiston Respublikasining “Ta`lim to‘g‘risida” qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi.
  3. R.Axliddinov, Maktabni boshqarish san`ati. “Fan” nashriyoti 2006
  4. N.Bekniyozov, Oila, tarbiya, ma`naviyat. Navoiy – 2012